HALOL KASB, BARAKALI UMR, IZZAT VA IKROM SOHIBI
2025-05-12 09:05:00 / Yangiliklar

Ko‘p yashash faqat boylik, to‘kin-sochinlik bilan emas, balki mazmunli umr ila o‘lchanadi. Mazmunli umr esa kishini ikki dunyo baxtu saodatiga erishtiradi.
Bahouddin Naqshband bobomiz bejiz: “Diling – Allohda, qo‘ling – mehnatda bo‘lsin”, demagan. Halol mehnat, kasb-kor kishi umrini uzun, rizqini butun qiladi.
Ana shunday yurtdoshlarimizdan biri – xorazmlik hozirgi suvchilarning ulug‘i, ko‘pchilik shogirdlarning mehribon ustozi – Kenjaboy Ortiqovdir.
– Umrimni suv xo‘jaligi sohasi bilan bog‘lab hech ham afsuslanmadim, – deydi Kenjaboy aka. – Bundan keyin ham, qo‘limdan kelgancha, ushbu soha rivojiga nafaqat men, balki yaqinlarim, farzandlarim, shogirdlarim hissa qo‘shishda davom etamiz.
U kishi 1947-yilda Xonqa tumanida tug‘ilgan. 1970-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini muhandis-gidrotexnik yo‘nalishida tamomlab, “Xorazmsuvqurilish” trestiga qarashli Yangiariq ko‘chma mexanizatsiyalashgan jamlanmasiga qurilish ustasi bo‘lib ishga kirgan. Yetti yil davomida ishlab chiqarish texnika bo‘limining muhandisi, bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
1977-1982-yillarda Xonqa tumani suv xo‘jaligi boshqarmasiga, 1982-1992-yillarda viloyat gidrogeologiya va melioratsiya ekspeditsiyasiga, 1992-1996-yillarda viloyat suv xo‘jaligi boshqarmasiga rahbarlik qilgan.
1996-1997-yillarda viloyat Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i, 1997-2003-yillarda Xonqa tumani hokimi, 2003-2009-yillarda Quyi Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari bo‘lgan, 2009-2024-yillarda “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasining Xorazm viloyati bosh inspektori lavozimlarida mehnat qilgan.
Hozirgi kunda “Amudaryo Chapqirg‘oq” himoya damba boshqarmasida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mehnatlari munosib baholanib, 1996-yil “Shuhrat” medali, 2000-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni, 2015-yilda “El-yurt hurmati” ordeni va 2022-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator” faxriy unvoni bilan mukofotlangan.
K.Ortiqov tajribali va fidoyi xodim, shijoatli va tashabbuskor rahbar sifatida samarali mehnat qilib, faoliyati davomida Xorazm viloyatining ekin maydonlarini suv bilan ta’minlash, irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlarini ishchi holatga keltirish, yerlarning sho‘rlanishini oldini olish, meliorativ holatlarini yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish ishlariga beqiyos hissa qo‘shdi.
Xorazm viloyatining qariyb 72 foiz qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari “Toshsoqa” magistral kanali orqali suv bilan ta’minlanadi. Ko‘p yillar foydalanilishi natijasida loyqalar cho‘kib, kanalning suv o‘tkazish qobiliyati pasayib ketdi, qishloq xo‘jaligi ekinlarini suv bilan ta’minlashda muammolar yuzaga kela boshladi.
Aynan Kenjaboy aka ushbu muammolarni hal qilish tashabbuskori bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 6-noyabrdagi PQ-1849-sonli va Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-avgustdagi 282-sonli qarorlariga asosan “Xorazm viloyati Toshsoqa tizimidagi magistral sug‘orish kanallarini qayta tiklash” loyihasi 2013-2021-yillarda amalga oshirildi.
Loyihaning qiymati 145,47 mln. AQSh dollarini tashkil etib, Islom taraqqiyoti banki kredit mablag‘lari hisobidan 90,37 mln. AQSh dollari va O‘zbekiston Respublikasi byudjet mablag‘lari hisobidan 55,1 mln. AQSh dollari miqdorida mablag‘lar sarflandi.
214,6 km kanallar betonlashtirildi, 98,6 km kanallar rekonstruksiya qilindi, 811 ta suv inshootlar yangidan qurildi va rekonstruksiya qilindi.
Natijada viloyatdagi 266,0 ming gektar yer maydonlaridan 191,3 ming gektarining suv ta’minoti yaxshilanib, shundan 100 ming gektar yer maydonlarining meliorativ holati yaxshilanishiga erishildi.
Bugungi kunda 16 nafar nabiraning bobosi, katta hayotiy va kasbiy tajribaga ega mohir irrigator Kenjaboy aka o‘zi istiqomat qiladigan mahallani obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga befarq bo‘lmagan holda 5 000 tupdan ortiq mevali, manzarali daraxtlar ekishga ko‘maklashgan. Bu tanti, bag‘rikeng inson o‘zining xayriya ishlari bilan atrofidagi insonlarning hurmati va mehrini qozongan.
“Halol kasb farzdan keyingi farzdir”. Shu ma’noda, suvchilik kasbini tanlab, elda hurmat, e’zoz topib, dorilomon turmush kechirayotgan barcha faxriylarimizni qutlug‘ ayyom bilan qutlaymiz.
Ularga hali uzoq yillar davralarimizning fayzi bo‘lib turishlarini tilaymiz.
Nargiza Masharipova,
Davron Kenjayev