SUV – YERNING QONI, EKINNING JONI
2025-05-13 10:10:00 / Yangiliklar

Mintaqamizdagi eng nufuzli anjumanlar, sammitlar kun tartibiga iqlim o‘zgarishi va u bilan bog‘liq suv resurslariga daxldor masalalarning kiritilishi bejizga emas. Sababi, suvni bugun asramasak, ertaga uni topa olmaymiz.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 30-yanvardagi PF-16-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida ham suv masalasi alohida e’tiborga olingan.
Mazkur Farmon bilan Suv xo‘jaligi vazirligiga asosiy ijrochi bo‘lgan 35 ta hamda teng kuchli ijrochi bo‘lgan 5 ta topshiriq belgilangan.
Bugungi kunga qadar 4 ta topshiriq bajarildi. Qolganlari bo‘yicha ishlar davom etayapti. Misol uchun, 12 ta yirik suv xo‘jaligi obyektlarini avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga o‘tkazish belgilangan. Bugungi kunga qadar 3 ta (Jizzaxda 2 ta, Samarqandda 1 ta) obyektda qurilish-montaj ishlari yakunlanib, obyektlar foydalanishga topshirilgan. 9 ta obyektning barchasida loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertiza xulosalari olingan hamda 8 ta obyekt bo‘yicha pudratchi tashkilotlar aniqlanib, qurilish-montaj ishlari boshlangan, 1 ta obyekt tender savdolariga qo‘yilgan.
Tabiiy resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida 1 ming kilometr kanallarni beton qoplamaga o‘tkazib, suv tejovchi texnologiyalar qamrovini 1,6 million gektarga yetkazish hisobiga yiliga qo‘shimcha 2,5 milliard metr kub suvni tejashga erishilishini ta’minlash bo‘yicha ham ishlar davom ettirilmoqda.
Kecha Suv xo‘jaligi vazirligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezidentimizning joriy yil 30-yanvardagi PF-16-sonli Farmonida belgilangan topshiriqlar ijrosi muhokama qilindi. Yig‘ilishni olib borgan Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev bu boradagi ishlar talab darajasida emasligini ta’kidladi.
Nasos stansiyalaridagi eskirgan 70 ta nasos va 76 ta elektrodvigatellarni zamonaviy energiya tejamkorlariga almashtirish, suv resurslari hisobini takomillashtirish orqali nasos stansiyalarining elektr energiya iste’molini 300 mln. kVt. gacha kamaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi.
Mas’ullarga birinchi yarim yillikda belgilangan barcha topshiriqlarni o‘z muddatida va sifatli bajarishni ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Yerning qoni, ekinning joni bo‘lgan suv resurslaridan qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda samarali foydalanish, uning hisob-kitobini to‘g‘ri yuritish, ichki sug‘orish tarmoqlarini tozalashni davom ettirish va boshqa mavsumiy yumushlarni sifatli bajarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Axborot xizmati