HAR BIR XODIM KORRUPSIYAGA QARSHI MUROSASIZ BO‘LMOG‘I SHART
2025-05-16 15:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda Surxondaryo viloyati prokurori o‘rinbosari, adliya katta maslahatchisi Bahodir Erkaev so‘zga chiqib, zalda yig‘ilganlarga O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida» hamda «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonunlarining mazmun-mohiyati, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar xususida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, ijtimoiy hayotda har birimiz har soatda korrupsiya va poraxo‘rlikning turli usullariga duch kelamiz, biroq, «o‘zbekchilik» deymiz, o‘sha tamagirlar insofga kelar, degan loqayd munosabatda bo‘lamiz. Har kuni «Korrupsiya va poraxo‘rlikni kamaytiraylik» degan mazmundagi tadbirlar, yig‘ilishlar o‘tkazgandan naf kamroq, aksincha xalqimiz ongiga chuqur singib ketgan «pora uzatish-pora olish» usullaridan voz kechmas ekanmiz, bu illatlarni tugatish oson kechmaydi. Shuning uchun har bir shaxs avvalo burchini vijdonan bajarsa, «halollik vaksinasi»ni o‘z turmush tarziga singdirsa, korrupsionerlarga qarshi dalil kurashsagina, odamlar halol va bexavotir yashashga odatlanadi.
Tadbir yakunida mutaxassislar va irrigatorlar o‘rtasida savol-javob tarzida o‘tkazilgan jonli muloqot jarayonida korrupsiya va poraxo‘rlikka chek qo‘yishning turli usullari haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati