GENDER TENGLIGI YO‘LIDA MUHIM QADAM
2025-05-16 15:10:00 / Yangiliklar

Taqdimot Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Gender kengashi va konsepsiya ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhning kengaytirilgan yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Oliy Majlis Senati, Osiyo taraqqiyot banki, Shveysariyaning rivojlanish va hamkorlik agentligi, milliy va xalqaro hamkor tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
– Konsepsiyaning asosiy maqsadlaridan biri – bu ayollarning suv resurslarini boshqarishda faol ishtirokini oshirishdir, – deydi vazirlikning Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilafro‘z Aliqulova. – Shuningdek, ushbu hujjat bilan gender statistikasi va auditlarini rivojlantirish, suv xo‘jaligida ta’lim va ilm-fanga teng kirish imkoniyatini ta’minlash kabi vazifalarni oldimizga qo‘yganmiz. Hujjat Suv xo‘jaligi vazirligi vakolatidagi butun tizimni qamrab oladi. Kelgusida konsepsiya doirasidagi chora-tadbirlarni ichimlik suvi ta’minoti va boshqa sohalarga ham tatbiq etish rejalashtirilmoqda.
Tadbirda 2027-yilgacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan Harakatlar rejasi keng muhokama qilindi. Mutaxassislarning mavzu doirasidagi fikrlari tinglanib, maxsus taqdimotlar, konsepsiyani tayyorlash jarayoni haqidagi videomateriallar namoyish etildi. Suv xo‘jaligi tizimidagi hududiy tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar bu borada o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Axborot xizmati