NASOS STANSIYASI VA UCHASTKA BOSHLIG‘I LAVOZIMIDAN OZOD QILINDI
2025-06-03 09:30:00 / Yangiliklar

Tanqidiy-tahliliy ruhda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Suv xo‘jaligi ob’ektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari I.Jo‘rayev, vazirlik mas’ul xodimlari I.Ergashev, Sh.Isroilov qatnashdi hamda o‘rganishlar jarayonida aniqlangan kamchiliklarga asoslanib, «Nasos stansiyalari samaradorligini oshirish» yilida Surxondaryodagi nasos stansiyalarida bajarilayotgan ishlar shu kun talablari darajasida emasligi tanqid qilindi.
Ta’kidlanganidek, ayrim nasos stansiyalari jamoalari agregatlarni sug‘orish mavsumiga ta’mirlash jarayonida qator xatolarga yo‘l qo‘ygani bois ayni suvga talab ortgan paytda agregatlar to‘xtab qolayotgani uchun iste’molchilardan e’tirozlar ko‘paymoqda. Bir necha nasos stansiyalari mutaxassislari agregatlarni rejim va navbat bo‘yicha ishlatmayotgani, shuningdek, nasos stansiyalarida energiya tejamkor jihozlar o‘rnatilmaganligi sababli limit bo‘yicha ajratilgan elektr energiyasi ortiqcha sarflangan. Natijada agregatlarni vaqtincha to‘xtatish evaziga iste’molchilar dalasiga suv yetib bormayapti. Nasos stansiyalaridan ko‘pchiligining atrofi obodonlashtirilmagan, ekilgan mevali-manzarali daraxtlar parvarishi to‘g‘ri tashkil qilinmagan. Xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga tayanch bo‘ladigan yordamchi xo‘jaliklar holatini hamma nasos stansiyalarida ham qoniqarli deb bo‘lmaydi. Ayrim nasos stansiyalarida sharoit bo‘la turib, yordamchi xo‘jaliklar tashkil qilinmagan, tashkil qilingan nasos stansiyalarida ham ikki bosh echki yoki 30 ta tovuqdan boshqa hech narsa yo‘q.
Yig‘ilishda ishda yo‘l qo‘ygan qator kamchiliklari va egallab turgan vazifasiga nisbatan loqaydlarcha munosabatda bo‘lgani uchun «Kattaqum-1» nasos stansiyasi rahbari B.Qurbonov hamda Sho‘rchi tumani nasos stansiyalari uchastka boshlig‘i O.Abrayevlar lavozimlaridan bo‘shatildi. Shuningdek, «Yangiobod» nasos stansiyasi, Sherobod va Uzun tumanlari nasos stansiyalari uchastka boshliqlariga oxirgi ogohlantirish berildi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati