VAZIRLIKDA GENDER TENGLIKNI TA’MINLASH BORASIDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISHLAR O‘RGANILDI
2025-06-10 15:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari, vazirlik maslahat kengashi raisi T.Butunbayev, Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi M.Kadirxanova, “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i F.Abduraximova va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimiz rahbari tomonidan xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglikni ta’minlash va ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilayotganligini ta’kidladi.
Bu borada suv xo‘jaligi tizimida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mamlakatimizdagi vazirliklar orasida birinchi bo‘lib O‘zbekiston suv xo‘jaligining 2025–2030 yillarga mo‘ljallangan gender konsepsiyasi tasdiqlanib, 2027 yilgacha amalga oshiriladigan Harakatlar rejasi belgilab olindi.
Bugungi kunda vazirlik tizimida mehnat qilayotgan mutaxassis-xodimlardan 2200 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Quanishjarma” irrigatsiya tizimi boshqarmasi muhandis-gidrotexnigi L.Aymuratova Prezidentimizning Farmoniga asosan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan, 1 nafar ayol xodimga “Mo‘tabar ayol”, 2 nafar ayolga “Mehnat faxriysi” va 4 nafar ayolga “Suv xo‘jaligi a’lochisi” ko‘krak nishoni berilgan.
Tizim tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Gidrometr/dispetcher ayollar – Suv xo‘jaligi professionallari” mavzusida tanlov o‘tkazildi. Tanlovda gidrometr va dispetcher lavozimlarida faoliyat yuritayotgan 32 nafar ayol xodimalar ishtirok etdi. G‘oliblar munosib rag‘batlantirildi.
O‘rganish davomida vazirlikda gender tenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan so‘rov o‘tkazilib, xodimlar, jumladan, xotin-qizlar uchun munosib shart-sharoitlar yaratilganligi e’tirof etildi.
Ishchi guruh vazirlikda gender tenglikni ta’minlash borasidagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish yuzasidan amaliy tavsiyalar berdi.
Axborot xizmati