SUV XO‘JALIGI MASALALARI BO‘YICHA O‘ZBEK-QIRG‘IZ QO‘SHMA KOMISSIYASINING YIG‘ILISHI O‘TKAZILDI
2025-06-13 10:15:00 / Yangiliklar

Ishchi komissiyaning qirg‘iz tomoniga Qirg‘iz Respublikasi Suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri o‘rinbosari Nurlan Jumayev, O‘zbekiston tomoniga Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev raislik qildi.
Yig‘ilishda Qirg‘iz Respublikasining O‘sh, Botkent, Jalolobod viloyatlari suv xo‘jaligi boshqarmalari rahbarlari, Suv resurslari xizmati mas’ullari, O‘zbekiston Respublikasidan Norin-Qoradaryo, Norin-Sirdaryo, Sirdaryo-So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi, Farg‘ona vodiysi magistral kanallaridan foydalanish boshqarmasi boshliqlari hamda vazirlik mutaxassislari qatnashdi.
Muloqotlarda ikki tomonlama hamda mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan suv xo‘jaligi masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, Farg‘ona vodiysidagi kichik daryolar bo‘yicha joriy yil uchun suv olish hamda Qoradaryo daryosiga suv tashlash bo‘yicha reja-jadvallari muhokama qilindi hamda imzolandi.
Tomonlar “Kosonsoy” suv omboridan birgalikda foydalanish masalasini muhokama qildi. Ikki davlat hududidan o‘tuvchi kanallarda suvdan foydalanish samaradorligini o‘rganish bo‘yicha yangi ishchi guruh tuzishga kelishib olindi.
Shuningdek, “Andijon” suv omboridan birgalikda foydalanish masalasi ham ko‘rildi.
Axborot xizmati