Oʻquvchilar bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalarini oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi
2025-05-22 20:25:00 / Yangiliklar

Xususan, mamlakatimizdagi avtomobil yoʻllarida maktab oʻquvchilari bilan bogʻliq sodir boʻlayotgan yoʻl-transport hodisalarini oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tegishli masʼullarning axboroti eshitildi.
Yigʻilishda fanlar orqali “Yoʻl harakati xavfsizligi” koʻnikmasini oʻrgatish oʻquvchida hayotiy vaziyatlarda oʻzini va boshqalarning xavfsizligini taʼminlash uchun zarur bilim, tajriba va hatti-harakatlarni shakillantirishga erishilishi asosiy maqsad ekanligi taʼkidlandi.
Bugungi kunda 1-11-sinflar uchun bir nechta umumtaʼlim fanlarining dasturlariga “Yoʻl harakati xavfsizligi” koʻnikmasi kiritilgani, boshlangʻich sinflardanoq fanning oʻziga xosligi, maqsadi va oʻqitish metodikasidan kelib chiqib yoʻl harakati qoidalariga amal qilish boʻyicha mavzular oʻqitilayotgani hamda 1-8-sinflar uchun moʻljallangan “Sinf soatlari” oʻquv rejasida “Yoʻl harakati xavfsizligi”ga oid mavzularga jami 54 soat ajratilgani qayd etildi.
Shuningdek, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturiga noyabr oyini “Transport, yoʻl harakati qoidalari, hayot xavfsizligi asoslari” oyligi deb eʼlon qilinib, mazkur oy davomida tarbiyalanuvchilarga ilk bilim va koʻnikmalar oʻrgatilayotganiga toʻxtalib oʻtildi.
Majlis davomida vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Batafsil: www.senat.uz