“Turon” maktab teatri hamda “Iqtidor” maktab ansambli tanlovlarining Respublika bosqich jarayonlari tadbiri
2025-06-17 19:00:00 / Yangiliklar

2025-yil 17-19-iyun kunlari Samarqand shahrida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan “Turon” maktab teatri hamda “Iqtidor” maktab ansambli tanlovlarining Respublika bosqich sinov jarayonlari boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi tegishli qarori asosida tashkil etilayotgan “Turon” maktab teatri tanlovining tuman (shahar) bosqichi joriy yilning 24-28-fevral kunlari boʻlib oʻtdi hamda unda 45 288 ta jamoa (362 304 nafar oʻquvchi) ishtirok etdi.
Tanlovning hududiy bosqichi 11-29-mart kunlari 208 ta jamoa (1 664 nafar oʻquvchi) oʻrtasida yuqori saviyada oʻtkazildi.
Joriy yil ikkinchi marotaba oʻtkazilayotgan “Turon” maktab teatri tanlovi bahslarida maktablarning 6-11 sinf oʻquvchilaridan (8 nafar) iborat jamoalar ishtirok etdi.
Jamoalar ikkita (“Bizning maktab” tanishtiruv va savol-javob hamda “Teatr – ibratxona” sahna spektaklini namoyish etish) shart asosida bellashishdi.
Bunda ishtirokchi jamoalar milliy va umuminsoniy qadriyatlar, urf-odat va anʼanalarimizga mos, tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan asarlardan spektakl koʻrinishida parchalar ijro etishdi.
Tanlov jarayonlari taniqli teatr aktyorlari, sohaning malakali mutaxassislaridan iborat hakamlar hayʼati tomonidan baholab borildi.
“Iqtidor” maktab ansambli tanlovining tuman (shahar) bosqichi joriy yilning 7-11-aprel kunlari 8 890 ta jamoa (71 120 nafar oʻquvchi) oʻrtasida, hududiy bosqichi 14-29-aprel kunlari 208 ta jamoa (1 664 nafar oʻquvchi) oʻrtasida yuqori saviyada oʻtkazildi.
Oʻquvchi-yoshlarning milliy cholgʻu sanʼatiga boʻlgan qiziqishlarini oshirishga xizmat qiluvchi mazkur tanlovida 6-10 sinf oʻquvchilari (8 nafar)dan iborat jamoalar ishtirok etdi.
Jarayonlar Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti va xizmat koʻrsatgan artistlaridan iborat sanʼatkorlar tomonidan baholab borildi.
Joriy yilning 17-iyun kuni Samarqand shahrida mazkur tanlovlarning Respublika bosqichi jarayonlari boshlandi.
Bunda har bir tanlov boʻyicha hududlardan kelgan 14 ta jamoa (har bir hududdan 1 tadan) belgilangan shartlar asosida kuch sinashadi. Bahslar taniqli sanʼatkorlar va sohaning malakali mutaxassislari tomonidan baholanadi.
Shuningdek, ishtirokchi oʻquvchilar Samarqand shahridagi tarixiy va madaniy obidalarga sayohat qilishadi.
“Turon” maktab teatri tanlovi bahslari hududdagi Hamid Olimjon nomidagi viloyat musiqali drama teatrida, “Iqtidor” maktab ansambli tanlovi bahslari Nurafshon sanʼat saroyida tashkil etiladi. Tanlovlar gʻoliblarini taqdirlash marosimi “Boqiy shahar” majmuasida boʻlib oʻtadi.
Yakuniy natijalarga koʻra, gʻolib deb topilgan jamoa aʼzolari xorijiy davlatlar (“Turon” maktab teatri tanlovi gʻoliblari Turkiyaga, “Iqtidor” maktab ansambli tanlovi gʻoliblari Ozarbayjon)ga taʼlim sayohatiga yuboriladi.
Shuningdek, tanlovlarda 2-3-oʻrinlarni qoʻlga kiritgan jamoalar tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi
vazirligi Axborot xizmati