Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mazmun-mohiyati
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mazmun-mohiyati
KONSTITUTSIYA YANGILANISHIGA QANDAY ZARURAT BOR EDI?
Yangilangan Konstitutsiya Oʻzbekiston jamiyatining evolyutsion rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zarurat boʻlib, bu ish mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun gʻoyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yoʻlidagi ulkan qadamdir.
Soʻnggi yillar erishgan yutuqlarimizni, xususan, iqtisodiyot, inson huquqlari, odil sudlov, soʻz va eʼtiqod erkinligi, ijtimoiy himoya sohalaridagi yuzlab cheklovlarning olib tashlangani, naqd pul, valyuta, kredit masalalaridagi muammolar hal qilingani, qoʻshnilarimiz bilan oramizdagi 25 yillik “muzlar erigani” va boshqa ijobiy harakatlar ortga qaytmasligining konstitutsiyaviy himoyasini taʼminlash zarur edi. Bu yutuqlar, huquq va erkinliklardan nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlarimiz ham emin-erkin foydalanishi uchun, ularni, albatta, Konstitutsiyada muhrlab qoʻyish talab etildi.
Hammamiz guvohi boʻlayapmizki, dunyoda har kuni kutilmagan xavf-xatar va tahdidlar yuzaga chiqdi. Bugungi ziddiyatli jarayonlar, iqtisodiy qarama-qarshiliklar qachon va nima bilan tugashini bashorat qilib boʻlmaydi. Hatto, ayrim davlatlarning dunyo xaritasida qolish-qolmasligi savol ostida qolayotgani ham sir emas. Jahondagi qariyb 100 million odam oʻz hayotini saqlash uchun boshqa yurtlarda boshpana izlab yurgani, oziq-ovqat yetishmasligi, energiya resurslari taqchilligi, pandemiya kabi global muammolar rivojlangan davlatlar aholisini ham jiddiy oʻylantirdiki, bularning bari bizga ham taʼsir koʻrsatmasligi mumkin emas.
Qolaversa, mintaqamizdagi vaziyat ham bizni jiddiy tashvishga solmay qoʻymaydi: yonginamizda qariyb 50 yillik notinchlik davom etdi.
Mamlakatimiz har jihatdan katta davlatga aylandi. Aholimiz 2040-yilga borib 50 millionga yetadi, jamiyatning yarmidan koʻpini yoshlar tashkil qiladi. Ularga munosib hayot sharoiti yaratish uchun esa barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlar boʻlishi lozim.
Bular va boshqa koʻpdan-koʻp muammolar yechimi mustahkam huquqiy poydevorni – Oʻzbekistonning yangilanayotgan Konstitutsiyasini taqozo etdi.
XALQ KONSTITUTSIYASI
Bir narsani alohida aytish kerakki, Konstitutsiyaning bu matni olim-u mutaxassislar tomonidan faqat kabinetlarda yaratilmadi. Balki, dastavval ikki bosqichda xalqimizning fikri, takliflari oʻrganildi, shundan soʻnggina Konstitutsiya loyihasi tayyorlandi. Avvallari esa Konstitutsiya qabul qilishda dastlab loyiha ishlab chiqilib, keyin xalq muhokamasiga qoʻyilgan edi.
- birinchi bosqichda Konstitutsiya loyihasini shakllantirish uchun fuqarolarimiz 60 mingdan ziyod taklif berishdi. Ularning taxminan har toʻrttasidan bittasi loyihadan joy oldi;
- ikkinchi bosqichda Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasiga qoʻyildi. Ommaviy axborot vositalari, Internet tarmoqlari orqali loyiha bilan 5 million aholi tanishib, 150 mingdan ortiq taklif va mulohazalar aytildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvdagi nutqida “Bosh maqsadimiz – har bir yurtdoshimiz ushbu hujjatni mening Konstitutsiyam deb faxrlanadigan mukammal darajaga olib chiqishdir”, deb taʼkidlagan edi.
Shu bilan birga, mehnat jamoalari, oliygohlar, mahalla faollari va ziyolilar bilan boʻlib oʻtgan muhokamalarda ham yana qariyb 10 mingta qoʻshimcha taklif kelib tushdi. Ayni paytda xalqaro-huquqiy hujjatlar va 190 dan ortiq davlatlar tajribasi oʻrganildi, loyiha 6 turdagi ekspertizadan oʻtkazildi.
Bularning hammasi yangilangan Konstitutsiyada jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingani, Yangi Oʻzbekistonni qurish gʻoyasi atrofida butun jamiyat jipslashgani, Bosh Qomusimiz tom maʼnoda xalq Konstitutsiyasi boʻlayotganidan dalolat beradi.
YANGILANGAN KONSTITUTSIYA
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Yaʼni, Asosiy qonunimiz matni qariyb 65 foizga ortdi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi.
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muhim jihatlari hamda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari mushtarakligi asosida belgilangan normalarning mohiyati
- Asosiy prinsiplar masalasi
Taʼkidlash lozimki, yangilangan Konstitutsiya adolatli jamiyat qurish yoʻlidagi ulkan qadamdir.
Konstitutsiyaning 1-moddasida Oʻzbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qatʼiy belgilab qoʻyildi.
Ijtimoiy davlat har bir inson uchun farovon turmush darajasi, xususan sifatli taʼlim, kafolatli tibbiy xizmat, munosib mehnat sharoiti va adolatli ish haqi, pensiya va nafaqalar, ijtimoiy yordam va xizmatlar tizimi yaratilgan, uy-joyli boʻlish sharoiti mavjud boʻlgan, ijtimoiy tafovutlar yumshatilgan, muvozanatlashgan, hech bir fuqaro oʻz muammolari bilan yolgʻiz qolmaydigan adolatli davlatdir. “Inson qadri” tushunchasi “ijtimoiy davlat” tushunchasi bilan chambarchas bogʻliqdir. Ushbu gʻoyaning tub negizida ham avvalo inson qadrini ulugʻlash, insonga xizmat qilishdek olijanob maqsad mujassam boʻladi.
Davlat ushbu maqomiga, yaʼni ijtimoiy davlat ekanligiga monand ravishda konstitutsiyada bir qator muhim qoidalar belgilandi.
Birinchidan, Konstitutsiyamizda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha davlatning majburiyatlari, mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorini belgilashda insonning munosib yashashini (oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy, kommunal, transport, aloqa va boshqalar) taʼminlash hisobga olinishi alohida belgilandi.
Ikkinchidan, davlat fuqarolarning bandligini taʼminlash, ishsizlikdan himoya qilish, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha majburiyatlar olmoqda.
Uchinchidan, fuqarolarning kafolatlangan tibbiy yordamga boʻlgan huquqlari belgilandi va davlatning taʼlimning barcha shakllariga gʻamxoʻrlik qilishi, inklyuziv taʼlimni taʼminlashi, oʻqituvchining maqomiga oid normalar mustahkamlandi.
Toʻrtinchidan, ijtimoiy davlatning asosiy vazifasi sifatida barcha uchun teng imkoniyatlar, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga oid yangi qoidalar oʻrnatildi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy davlat tamoyilini amalga oshirishga qaratilgan yangi vazifa va vakolatlari belgilandi. Umuman olganda, yangilangan Konstitutsiyada davlatning ijtimoiy majburiyatlari uch baravardan ortiqqa koʻpaydi.
Yuqoridagilardan tashqari, qonunlardagi noaniqliklar inson foydasiga hal boʻlishi shart va zarur. Bunga koʻra, inson va davlat oʻrtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdaginoaniqliklar, turli tushunmovchiliklar bartaraf etiladi.
Bunda konstitutsiyaning normalarini toʻgʻridan toʻgʻri qoʻllash juda muhim hisoblanadi. Konstitutsiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi va mamlakatning butun hududida qoʻllanilishi huquqiy davlatning muhim va asosiy shartlaridan biridir.
Davlatning rivojlanishi, ijtimoiy, huquqiy davlat sifatida koʻpgina majuburiyatlarga ega boʻlishi konstitutsiya va qonunlar orqali mustahkamlangan boʻlsa-da, lekin bu davlat tinchlik hukmron boʻlmasa, davlat oʻz majburiyatlarini bajarishda, rivojlanishda, inson huquqlarini taʼminlab berishda koʻplab muammolarga duch keladi. Shu sababli konstitutsiyada respublika tashqi siyosatiga oid boʻlgan bir qator muhim qoidalar belgilandi. “Oʻzbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va koʻp tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshiradi” degan qoidaning belgilanishi mamlakatimizning tinchliksevar, doʻstona tashqi siyosat olib boruvchi davlat ekanligini anglatadi.
Maʼlumot uchun Oʻzbekiston dunyoning 131 ta davlati bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatib, 38 ta davlatda 37 ta elchixonalar, 17 ta shaharda bosh konsulxonalar, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarda doimiy vakolatxonalarimiz faoliyat yuritmoqda.
- Inson huquq va erkinliklari hamda ularning kafolatiga oid oʻzgartirishlar
Qonunlardagi ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga hal boʻlishi shart va zarur. Bunga koʻra, inson va davlat oʻrtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar, turli tushunmovchiliklar bartaraf etiladi, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklari oldi olinadi.
Qonunchilikda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga oʻz roziligisiz yuklatilishi mumkin emasligi qayd etildiki, ushbu norma odamlar hayotini yanada yengillashtiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emasligi belgilandi. fuqarolarimizning doimiy ravishda davlat himoyasida ekanligiga ishonchini mustahkamlashga, oʻz yurtidan chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarning saqlab qolinishi hamda rivojlanishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi taʼkidlandi. Ushbu norma chet ellarda yashayotgan, ishlayotgan, taʼlim olayotgan vatandoshlarimizni Vatani bilan doimiy aloqada boʻlishiga, tili, madaniyatini saqlab qolish hamda rivojlantirishiga,ona yurti – Oʻzbekistonning obroʻsini yanada oshirishga oʻz hissasini qoʻshishiga xizmat qiladi.
Shaxsiy huquq va erkinliklarga doir oʻzgarishlar
Oʻzbekistonda oʻlim jazosi taqiqlandi.
Shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi belgilandi. Yaʼni, shaxsning erkinligini cheklash bilan bogʻliq har qanday harakat faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi shart. Ushbu qoida tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish va saqlashga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgandir. Bu orqali xalqaro eʼtirof etilgan “Xabeas korpus” institutini qoʻllanish koʻlami yanada kengaydi.
Ilk bor shaxsni ushlash chogʻida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga oʻziga qarshi koʻrsatma bermaslik (xalqaro eʼtirof etilgan “Miranda qoidasi”), sukut saqlash huquqi berildi.
Har kimning yozishmalari, telefon orqali soʻzlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga ega ekanligi belgilandi. Bunday huquqlarning cheklanishiga yoki uy-joyda tintuv oʻtkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyilishi belgilab qoʻyildi.
Har kim oʻz huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqliligi belgilandi. Ushbu qoidaning mazmun-mohiyati shundaki, fuqarolar oʻz buzilgan huquq va erkinliklarini, oʻzgalar huquqlarini buzmagan holda, mustaqil himoya qilish huquqiga ega. Yagona shart – bu fuqarolar tomonidan oʻzini himoya qilishda qoʻllaniladigan usullar yoki choralarning qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boʻlishidir.
Iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlarga doir oʻzgarishlar
Insonga eʼtibor hamda gʻamxoʻrlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlandi.
Davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bogʻliq Konstitutsiyadagi normalar 3 barobar koʻpaytirildi.
- Konstitutsiyada har kimning uy-joyli boʻlish huquqi belgilandi.
Maʼlumot uchun: oʻtgan yili mamlakatimizda 50 ming oila uchun yangi kvartiralar olishga sharoit yaratib berilgan boʻlsa, bu yil
90 ming oilani uy-joyli qilish marrasi olingan. Yaqin 2-3 yilda esa bu raqamni 200 mingga yetkazish ustida ishlanmoqda.
Bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi taʼminlanishi kafolatlandi.
Aholi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi, umuman, aholi salomatligini asrash bilan bogʻliq normalar 4 barobar koʻpaytirildi.
Maʼlumot uchun: joriy yilda “Kafolatlangan xizmatlar paketi” qayta koʻrib chiqilib, unda 20 turdagi kasalliklar boʻyicha diagnostika, davolash va profilaktika xizmatlari hajmi toʻliq qamrab olindi.
Koʻp uchraydigan 20 turdagi kasalliklar boʻyicha birlamchi boʻgʻindagi bepul analiz turlari – 15 tadan 25 tagacha, tekshiruvlar – 10 tadan 20 tagacha, dorilar – 64 tadan 90 taga oshirildi.
2016-yilda mavjud 1106 ta tibbiyot muassasalari soni 2023-yil boshida 1328 taga yetkazildi.
Tibbiyot sohasidagi islohotlar natijasida bir shifokorga toʻgʻri keladigan aholi soni 2023-yil boshiga kelib 358 tani tashkil etdi.
2016-yilda tez tibbiy yordam chaqiriqlar soni 7,2 millionni tashkil qilgan boʻlsa, 2017-yilda – 8,7 million. 2018-yilda esa 9,8 millionga etgan boʻlsa, 2019-yilda 10,2 mln, 2020-yilni 5 oyining oʻzida 7,5 mln. 2022-yilning yanvar–iyun oylarida 6 mln 245 ming 280 tani tashkil qiladi.
Bugungi kunda yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini ommaviylashtirish va rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun Davlat budjetidan 2021yil dan boshlab dasturlar toʻliq bajarilgunga qadar har yili 104 milliard soʻmdan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarni jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga jalb qilishga qaratilgan dasturlarni moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan 2021yil dan boshlab dasturlar toʻliq bajarilgunga qadar har yili 10 milliard soʻmdan mablagʻlar ajratib kelinmoqda. Aholi uchun qulay boʻlgan koʻchalarda piyoda va velosipedda yurish uchun “Salomatlik yoʻlaklari” tashkil qilinmoqda, aholi soni va uy-joylarning joylashuvini inobatga olgan holda, shuningdek, tashkilot va idoralarning tegishli hududlarida velosiped turar joylari va zamonaviy sport (shu jumladan, Workout) maydonchalari tashkil etilmoqda, sport majmualari qurilmoqda, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bor shaxslar, ayollar oʻrtasida turli sport tadbirlaritashkil qilinmoqda. Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2022yil 1yanvar holatiga koʻra, Oʻzbekistonda 52 417 ta sport inshooti mavjud boʻlib, 2018-yilga nisbatan ularning soni 1,0 barobarga oshgan
- va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshirildi.
Jumladan, davlatning uzluksiz taʼlim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari rivojlanishini taʼminlashi, maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi, taʼlim tashkilotlarida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiya taʼminlashi oid bir qator majburiyatlari, shuningdek, fuqarolarning oliy taʼlim muassasalarida davlat granti hisobidan oʻqish huquqi qatʼiy belgilab qoʻyildi.
Belgilangan normalarga koʻra, birinchidan, davlat yangi bogʻchalarni qurish, mavjudlarini taʼmirlash, shu jumladan davlat, davlat-xususiy sherikchilik va xususiy bogʻchalarni koʻpaytirish, yangi bogʻchalarni tashkil etishga imtiyozlar va subsidiyalar berish, pirovardida bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olishni 100 foizga yetkazish choralarini koʻradi;
- umumiy oʻrta taʼlimning majburiyligi belgilandi. Bu degani maktab yoshidagi har qanday bola albatta maktabda oʻqishi shart hamda bunga toʻsqinlik qilishga hech kimning, hatto ota-onalarning haqqi yoʻq. Ushbu majburiyat taʼlim oluvchiga ham, taʼlim tashkilotiga ham birdek masʼuliyat yuklaydi;
- maktabgacha taʼlim va tarbiya, umumiy oʻrta taʼlim davlat nazoratidadir, degan norma oʻrnatilmoqda. Oldin faqatgina maktab ishlari davlat nazoratida edi, endilikda esa maktabgacha taʼlim ham davlat nazoratiga oʻtkazilmoqda. Natijada bogʻcha va maktablarda bolalarning xavfsizligi va salomatligi, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan tarbiya, taʼlimning yuqori sifati va mazmundorligi taʼminlanadi;
- taʼlim tashkilotlarida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiya taʼminlanadi, degan insonparvar norma bilan toʻldirilmoqda. Unga koʻra, jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari boʻlgan bolalar uchun taʼlim tashkilotlarida inklyuziv taʼlim tashkil etiladi. Bu shunday nuqsonlarga ega bolalarimizning yakkalanib qolmasligi, jamiyatning toʻlaqonli aʼzosi sifatida shakllanishi va kamol topishi uchun juda muhim;
- davlat uzluksiz taʼlim tizimining, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari rivojlanishini taʼminlaydi, deb mustahkamlandi. Bu esa maktabgacha taʼlim-tarbiyadan to oliy taʼlimgacha, hamda boshqa taʼlim turlarini shuningdek, taʼlimning kunduzgi, sirtqi, kechki, masofaviy, oilada taʼlim olish, va mustaqil taʼlim olish, inklyuziv taʼlim va hokazo shakllarini tashkil etish va faoliyat yuritishiga imkoniyat yaratadi.
Taʼlimga oid qoidalar inson huquqlariga oid koʻplab xalqaro hujjatlarda hamda Germaniya, Portugaliya, Bolgariya, Urugvay kabi davlatlarning konstitutsiyalarida ham belgilab qoʻyilgan.
Yuqoridagi normalarning Konstitutsiyamizga kiritilishi bogʻchalar va maktablar, oliy taʼlim tashkilotlari sonining koʻpayishiga, taʼlim va tarbiya sifatining oshishiga, pirovardida har bir shaxsning umri davomida taʼlimning barcha turlaridan foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Maʼlumot uchun 2016-yilda 5211 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat yuritgan boʻlsa, bugungi kunda 6598 ta davlat hamda 22 mingdan ziyod turli shakllardagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyat koʻrsatmoqda.
2016-yilda 9719 ta umumtaʼlim tashkilotlari faoliyat koʻrsatgan boʻlsa hozirda ularning soni 10296 taga yetdi. 2016-yilda 21 ta nodavlat umumtaʼlim tashkilotlari faoliyat yuritgan boʻlsa, 2022-yilda ular 334 taga koʻpaydi.
2016-yilda 77 ta oliy taʼlim tashkiloti faoliyat yuritgan boʻlsa, 2023-yilga kelib ularning soni 200 dan oshdi. Nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari soni 2023-yilda 42 taga yetgan boʻlsa, 2026-yilgacha nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari soni kamida 50 taga yetkaziladi.
2017 yilgacha oliygohlarda oʻqish uchun davlat grantlari soni faqat qisqarib kelgan boʻlsa, oxirgi olti yilda bu boradagi ahvol butunlay oʻzgardi. Grantlar soni 2 baravar koʻpayib, 40 mingtaga yetdi. Magistratura uchun esa 5 baravar koʻpaydi.
Asosiy qonunda fuqarolarning bepul boshlangʻich kasb-hunarga oʻqitilishi ham belgilandi.
Nogironligi bor bolajonlarimizga oʻz tengdoshlari bilan bir xil taʼlim olishi uchun barcha sharoitlarni yaratish koʻzda tutilyapti. Shuning uchun, bunday imkoniyatlar inklyuziv taʼlim sifatida Konstitutsiyaga kiritildi.
Konstitutsiyada davlatning oʻqituvchilar shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish majburiyati kuchaytirilyapti. Bu qoidalar mamlakatimizdagi 685 ming nafardan ortiq oʻqituvchilarning ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi, obroʻsini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Oliy taʼlim tashkilotlariga akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqi taqdim etilmoqda. 41 ta davlat oliy oʻquv yurtiga akademik
va moliyaviy mustaqillik berildi.
Konstitutsiyada har kimning mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq toʻlashning belgilangan eng kam miqdoridan kam boʻlmagan tarzda adolatli haq olish huquqi kafolatlandi.
- omiladorligi yoki bolasi borligi bilan bogʻliq sabablarga koʻra ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi belgilandiki, bular davlatimizda gender tengligi prinsiplari toʻlaqonli amal qilishiga olib kelishi tayin.
Bundan tashqari, davlat fuqarolarning bandligini taʼminlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻrishi ham mustahkamlanmoqda.
Qolaversa, davlat fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etishi hamda ragʻbatlantirishi qayd qilinmoqda.
- bolalar mehnatining bolaning sogʻligʻiga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning taʼlim olishiga toʻsqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanishi belgilandi. Shukrki, bugungi Oʻzbekistonda uzoq yillar yurtimizning xalqaro imidjiga salbiy taʼsir qilib kelgan majburiy mehnatga toʻliq barham berildi.
Loyihada har kim ishsizlikda ijtimoiy taʼminot olish huquqiga egaligi mustahkamlandi. Pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlishi mumkin emasligi belgilab qoʻyildi.
Bu degani, hozirning oʻzida 2 million 200 ming ehtiyojmand oilalar davlatdan kafolatli moddiy yordam oladi, deganidir.
Bu – jami oilalarning 25 foiziga toʻgʻri keladiki, ayni xarajatlar uchun har yili 11 trillion soʻm ajratiladi.
Aholi hayoti va salomatlik darajasini yaxshilashning zaruriy sharti sifatida Konstitutsiyada atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha kompleks choralar belgilandi.
Soʻnggi uch yilda qurilishlardan norozi boʻlib, aholidan
15 mingta murojaat kelib tushgan, sudlar tomonidan birgina Toshkent shahrida 200 dan ortiq qurilishlar toʻxtatib qoʻyilgan, avtomobillar soni 1,3 millionga koʻpayib, 3,6 millionga yetgan, har yili atmosfera havosiga 2,2 million tonna sanoat va transport tashlanmalari chiqarilayotgani ham ushbu masala tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotganligidan dalolat bermoqda.
Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotga ega boʻlish huquqiga egaligi belgilandi. Aholimiz va kelajak avlod uchun ekologik toza hududni saqlab qolishning konstitutsiyaviy kafolatlari yaratilyapti.
Inson, fuqarolarga berilgan huquq va erkinliklarni taʼminlashga doir oʻzgarishlar
Birinchi marotaba har kim Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli ekanligi mustahkamlandi. Bu
Bulardan tashqari, har kim davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga egaligi qayd etildi.
Konstitutsiyada aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerakligi qayd etildi. Mazkur norma toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qoida boʻlib, tergov va sud jarayonida faqat ishonchli va qonuniy dalillardan foydalanishni taʼminlaydi hamda shaxsni asossiz ravishda javobgarlikka tortilishdan himoya qiladi.
Qolaversa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlashi shart emasligi mustahkamlandi, hech kim oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi belgilandi. Bu qoidalarning Konstitutsiyada belgilanishi jinoiy taʼqib ostidagi har qanday shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga ruhiy bosim va turli tahdidlar oʻtkazish, uning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish kabi boshqa noqonuniy usullar qoʻllanishini oldini olishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim norma – agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi kafolatlandi. Bu hol jinoyat boʻyicha haqiqatni aniqlash, shuningdek, aybsiz insonlarning javobgarlikka tortilishini oldini olishga, ayni paytda, jinoyat sodir etgan haqiqiy aybdor shaxs yoki shaxslarni aniqlashga xizmat qiladi.
Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar oʻziga nisbatan insoniy muomalada boʻlinishi hamda inson shaxsiga xos boʻlgan shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga egaligi ham tarixda ilk bor konstitutsiyaviy mustahkamlandi.
Qolaversa, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emasligi belgilandiki, bularning hammasi mustabid tuzumdan qolgan illatga, qancha yoshlarimizni oʻz orzu-umidlaridan voz kechishga majbur qilgan noinsoniy taqiqlarga chek qoʻyadi.
Konstitutsiyada har kim oʻz shaxsiga doir maʼlumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek notoʻgʻri maʼlumotlarning tuzatilishini, oʻzi toʻgʻrisida qonunga xilof yoʻl bilan toʻplangan yoki huquqiy asoslarga ega boʻlmay qolgan maʼlumotlarning yoʻq qilinishini talab qilish huquqiga ega ekanligi mustahkamlandi.
Qonuniy asoslarda Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlib turgan har kim mamlakat boʻylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash huquqi, har kim Oʻzbekistondan tashqariga erkin chiqish huquqiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekistonga belgilandi. Endilikda mazkur konstitutsiyaviy qoida kiritilishi bilan erkin harakatlanish qadriyat darajasida oliy huquqiy norma sifatida mustahkamlanmoqdaki, bu “propiska” tizimi muammosiga ham barham beradi.
Fuqarolarga Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanishni taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratishi kafolatlandi. Zero, Oʻzbekistonda Internetdan foydalanuvchilar soni 2016-yilda 12,1 mln boʻlgan boʻlsa, 2022-yilga kelib ikki barobarga, yaʼni 24 mlndan oshdi, shuningdek, mamlakatimiz aholi yashash maskanlari hududining Internet tarmogʻi bilan qamrovi 2016-yildagi 28% dan 2022-yilda 98% ga yetgan.
III. Davlat hokimiyatini tashkil etish doir yangi normalar hamda amalga oshirilgan islohotlar
Fuqarolarimiz farovon yashashi, davlat barqaror rivojlanishi uchun samarali, ixcham va xalqchil davlat boshqaruvi joriy qilish hamda parlamentarizmni kuchaytirish sari dadil qadam qoʻyildi
Yangilangan Konstitutsiya xalqparvar davlat qurish maqsadida kuchli parlament, ixcham va masʼuliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etishga qaratilgan.
Parlament palatalarining vakolatlari qayta koʻrib chiqildi. Unga koʻra, Qonunchilik palatasi va Senatning vakolatlari sezilarli darajada kengaydi, ikki palata ishidagi takrorlanishlar bartaraf etilib, har birining masʼuliyat sohasi aniq belgilandi.
Maʼlumot uchun Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 14 tadan 18 taga koʻpaydi.
Hukumatni shakllantirishva uning faoliyatini nazorat qilish, Davlat byudjeti ijrosiga oid masalalar Qonunchilik palatasining vakolatiga, hududlar manfaati va ularni rivojlantirish, yangi vazirliklar tashkil qilish toʻgʻrisidagi farmonlarni tasdiqlash masalalari esa Senat vakolatlari doirasiga taalluqli ekanligi mustahkamlanishi shular jumlasidandir.
- oldiga qoʻyilayotgan yangi vazifalardan kelib chiqib, uni ixcham, xalqchil va hududlar manfaatini ifoda etadigan idoraga aylantirish boʻyicha normalar Konstitutsiyada koʻzda tutildi. Xususan, senatorlar sonini hozirgi 100 nafardan 65 nafarga tushirish, bunda har bir hududdan teng ravishda 4 tadan senator saylanishi, Prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni esa 16 tadan 9 taga kamaytirilishi belgilandi.
Parlamentning quyi palatasi tomonidan kiritilgan qonunlar Senatda 60 kun ichida koʻrib chiqilishi, muddat oʻtib ketsa, ushbu qonun maʼqullangan deb hisoblanishi va imzolash uchun Prezidentga yuborish boʻyicha norma kiritildi.
Parlamentning sud va nazorat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar faoliyati ustidan nazorat funksiyalari kuchaytirildi
Yangi Konstitutsiyada Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi rahbarligiga nomzodlar avval Senatda koʻrib chiqilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanishi, shuningdek, respublika korrupsiyaga qarshi kurashish organi va respublika monopoliyaga qarshi organi rahbarlari Senat tomonidan saylanishi amaliyoti joriy etildi.
Maxsus xizmatlar faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida Davlatxavfsizlikxizmatirahbarligiga nomzod Senat bilan maslahatlashuvlardan soʻng Prezident tomonidan lavozimga tayinlanishi belgilandi.
Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari ham kuchaytirilib, parlament nazoratining muhim shakli boʻlgan parlament tekshiruvi instituti Konstitutsiyada alohida mustahkamlab qoʻyildi.
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash maqsadida Sudyalar oliy kengashining barcha aʼzolarini Senat tomonidan saylash tizimi kiritildi.
Ayrim oliy mansabdor shaxslarning lavozimga tayinlanish muddatlari boʻyicha cheklovlar belgilandi.
Senat Raisiva Qonunchilik palatasi Spikeri, Oliy sud
va Sudyalar oliy kengashi raislari, ularning oʻrinbosarlari,
Bosh prokuror, Markaziy saylov komissiyasi raisi, hokimlarni lavozimga ikki muddatdan ortiq saylash yoki tayinlashga cheklov kiritildi.
Konstitutsiyaviy sud sudyalarini qayta saylanish huquqisiz 10 yilga saylash tartibi belgilandi
Konstitutsiyaga advokatura institutiga bagʻishlangan va advokatlar faoliyatining kafolatlarini mustahkamlovchi alohida bob kiritildi. Advokat, uning shaʼni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasi boʻlishi va qonun bilan muhofaza qilinishi mustahkamlandi.
Vazirlar Mahkamasining vakolatlari va funksiyalari, uning javobgarligi sezilarli darajada kengaytirildi. Xususan, barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, qulay investitsiya muhitini yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, aholini, shu jumladan, nogironligi bor shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklar hamda biologik xilma-xillikni saqlash va boshqa sohalarda oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni hal etish uchun masʼulligi kengaytirildi. Bundan tashqari, Hukumat zimmasiga ijro etuvchi hokimiyat organlarining ishida ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylik va samaradorlikni taʼminlash, davlat xizmatlarining sifatini oshirish va ulardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash vazifalari yuklatildi.
Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish instituti bosqichma-bosqich bekor qilinadi
Mahalliy ijro etuvchi va vakillik hokimiyatining boʻlinishi mamlakatda butun davlat boshqaruvi tizimini chuqur isloh qilish uchun asos boʻladi. Shu asosda, mahalliy Kengash raisi bilan hokim lavozimini bir-biridan ajratish amalga oshirildi.
Barcha masalalar yechimi chinakam xalq ovozi boʻlgan mahalla darajasiga tushiriladi
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi belgilab qoʻyildi. Konstitutsiyamizda mazkur kafolatning belgilanishi mahallalarga oʻz hududini mustaqil boshqarish, aholi manfaatlaridan kelib chiqib davlat bilan sheriklik asosida muammolarni hal etib borish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, aholi farovonligini taʼminlashga muhim imkoniyatlarni taqdim etdi.