Elektron hukumat
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali 347 turdagi xizmat onlayn shaklda ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan (o‘tgan yil shu davriga nisbatan o‘sish 135 foiz).
Hisobot davrida 47 ta xizmat joriy qilingan bo‘lsa, yil yakuniga qadar Yagona portaldagi xizmatlar soni 370 taga yetkaziladi. Joriy qilinayotgan barcha elektron davlat xizmatlarining to‘lov jarayonlari Yagona billing tizimiga ulanadi.
Bugungi kunda mazkur portalda ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni 3 milliondan ortgan. Shuningdek, foydalanuvchilar tomonidan portal xizmatlaridan yil boshidan jami 9.5 mln. marotaba foydalanilgan (o‘tgan yil shu davriga nisbatan o‘sish 160 foiz).
Shu bilan birga, Yagona portalning mobil ilovasida 155 ta (o‘sish 375 foiz) elektron davlat xizmatlari aholi va yuridik shaxslarga taqdim etilmoqda.
Aholi va tadbirkorlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qulayliklar yaratish maqsadida, hududlarda 1037 ta pochta aloqasi ob’ektlarida YaIDXP platformasidan foydalangan holda 60 turdagi davlat xizmatlarini taqdim etish yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, Davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qo‘shimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobile-ID tizimi joriy etildi.
Mobile-ID tizimi yordamida Yagona portaldagi 61 turdagi elektron davlat xizmatlaridan foydalanish jarayonida majburiy tartibda Elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash amaliyotidan voz kechiladi.
Mobile-ID tizimida qisqa davrda 30 mingdan ortiq foydalanuvchilar ro‘yxatdan o‘tdi.
2022 yil 1 apreldan Toshkent shahrida, 2022 yil 1 iyuldan esa butun respublika hududida tibbiyot muassasalari tomonidan o‘lim haqida tibbiy guvohnoma berish tartibi bekor qilinib, faqat elektron tizim orqali o‘lim haqida tibbiy ma’lumotnoma shakllantirish tartibi joriy etildi hamda o‘lim holati fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida qayd qilinganligi haqida tibbiyot muassasalari tomonidan berilgan QR-kod (matrik shtrixli kod) tasviri tushirilgan ma’lumotnoma o‘lim haqidagi gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi hamda davlat organlari va tashkilotlar tomonidan qabul qilishni rad etish qat’iyan taqiqlandi.
Bugungi kunda 19 turdagi davlat xizmatlari kompleks birlashtirilishi natijasida 6 turdagi kompozit shakldagi xizmatlarni ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Masalan, tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatidan foydalanish natijasida kompozit shaklda bir vaqtning o‘zida bitta so‘rov orqali tug‘ilganlikni qayd etish, oilaviy poliklinikaga hisobga qo‘yish, bir martalik nafaqa pulini olish, ota-onaning doimiy ro‘yxatda turgan manzili bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish, bolani bog‘chaga navbatga qo‘yish xizmatlaridan foydalanish mumkin.
Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kirish uchun ariza berish, pensiya haqida ma’lumot, nafaqa tayinlash uchun ariza berish va boshqa xizmatlar ishga tushirildi. Ushbu xizmatlardan 2022 yil davomida 200 ming marotabadan ko‘p foydalanilgan bo‘lib, foydalanuvchilarning ortiqcha harajatlari va vaqti iqtisod qilingan.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida Nafaqa tayinlash uchun ariza berish xizmati orqali pensiya yoshiga yetgan biroq yetarli ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslar, yoshidan qat’i nazar ish stajiga ega bo‘lmagan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar va nogironligi bo‘lgan bolaga qaragan onalarga yoshga doir nafaqalarni olish uchun ariza berish imkoniyati yaratildi. Bugungi kunga qadar mazkur xizmat orqali 164 mingdan ortiq nafaqalar tayinlangan.
Bugungi kunda chora-tadbirlar dasturiga kiritilgan 22 ta xizmat Yagona portalda joriy etildi hamda xizmatlar soni 340 tadan ortiqni tashkil etmoqda.
Tijorat banklari hamda to‘lov tizimlari operatorlariga axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda, o‘zlarining mobil ilovalari orqali jismoniy va yuridik shaxslarga Yagona portaldagi elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat etilishi natijasida AT “Aloqa bank”ning “Zoomrad” mobil ilovasida avtotransport vositasi hamda ko‘chmas mulk bilan bog‘liq ma’lumotlar jismoniy shaxslarga taqdim etilmoqda.
O’z navbatida, ATB “Qishloq qurilish bank” tomonidan ishlab chiqilgan “QVANT” mobil ilovasi orqali 10 turdagi elektron xizmatlarni joriy etish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.