
Sun’iy intellekt

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida mamlakatimizni mintaqaviy “IT-HUB”ga aylantirish vazifasi belgilangan. Shu maqsad yo‘lida raqamli texnologiyalar bosqichma-bosqich rivojlantirib kelinmoqda. Barcha hududlarda IT-parklar tashkil etilib, bu sohada o‘qish va ishlash uchun imkoniyat kengaydi. Internet tezligi va qamrovi oshdi. 190 mingdan ziyod aholi ishli bo‘ldi.
Hayotning turli jabhalarida sun’iy intellektni qo‘llash kengaymoqda. Shunday texnologiya asosida 20 dan ortiq loyihalar ishga tushdi. Tarmoq va yirik korxonalar bo‘yicha yana 70 ta loyiha ishlab chiqildi. Sun’iy intellektga tayyorlik xalqaro indeksida O‘zbekiston 17 ta pog‘onaga ko‘tarildi.
Bu yo‘nalishga e’tiborning davomi sifatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-358-sonli qarori bilan 2030-yilgacha sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Unda sun’iy intellektga asoslangan dasturiy mahsulotlar va xizmatlar ulushini ko‘paytirish, texnik infratuzilmani kengaytirish, kadrlar salohiyatini oshirish kabi qator chora-tadbirlar belgilangan.
Shuningdek, Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish bo‘yicha erishish lozim bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlar ham belgilandi. Mazkur qaror asosida Sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasini 2024–2026 yillarda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi va Ijtimoiy va Iqtisodiyot tarmoqlarida shakllantiriladigan “katta ma’lumotlar” ro‘yxati tasdiqlandi.