.UZ milliy domenining 30 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya global internet hamjamiyati yetakchilarini bir joyga to‘pladi
2025-04-30 10:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Toshkentda .uz milliy domenining 30 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir global internet resurslarini boshqaruvchi yetakchi tashkilotlar, texnik hamjamiyatlar, davlat idoralari, biznes vakillari va domen nomlari registratorlarini birlashtirdi.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi.
Tadbir mamlakat va mintaqaning raqamli ekotizimi uchun muhim voqea bo‘lib, quyidagi nufuzli tashkilotlarni bir joyga to‘pladi:
– ICANN (Domen nomlari va IP-manzillarni boshqarish korporatsiyasi),
– RIPE NCC (Yevropa, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo qismini qamrab olgan mintaqaviy internet registri),
– APTLD (Osiyo-Tinch okeani yuqori darajadagi domenlar registrlari tashkiloti),
– UNESCO hamda .AZ (Ozarbayjon), .AM (Armaniston), .BY (Belarus), .IN (Hindiston), .KG (Qirg‘iziston), .KZ (Qozog‘iston), .RU/.РФ (Rossiya) kabi yirik milliy domen registrlari vakillari.
Bu darajadagi ko‘p tomonlama ishtirok raqamli texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlabgina qolmay, balki global hamjamiyat uchun xavfsiz, inklyuziv va barqaror internet yaratishga munosib hissa qo‘shadi.
Konferensiyada .UZ milliy domen zonasida IPv6 protokolini joriy qilish haqida e’lon qilindi. Bu tarmoq infratuzilmasini modernizatsiya qilish yo‘lida muhim qadamdir.
IPv6 quyidagilarni ta’minlaydi:
– DNS infratuzilmasining kengaytirilishi va zamonaviylashtirilishi;
– IPv4 va IPv6 manzillarni moslashuvchan tarzda ishlatish imkoniyati;
– Tarmoq xavfsizligini oshirish va ma’lumotlar himoyasini kuchaytirish;
– Mavjud tarmoqlarga yuklamani kamaytirish va samaradorligini oshirish;
– IoT va aqlli shaharlar texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlash.
Konferensiyaning yana bir muhim natijasi KazNIC (.KZ) va UZINFOCOM (.UZ) o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolanishi bo‘ldi. Ushbu hujjat domen zonalari boshqaruvi va internet infratuzilmasi sohasida bilim almashinuvi va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi.
Konferensiya quyidagi dolzarb yo‘nalishlarni yoritgan sessiyalarni o‘z ichiga oldi:
– “Internet: ertangi kun sari” — internet va texnologiyalarning jamiyat va iqtisodiyotdagi o‘rni, kelajakdagi raqamli chaqiriqlar va imkoniyatlar.
– “Texnik sessiya” — DNS boshqaruvi, yangi protokollar, xavfsizlik va domen infratuzilmasi barqarorligi haqida texnik muhokamalar.
– “Raqamli makonda marketing” — domenlar, hosting va internet xizmatlarini ilgari surish strategiyalari va amaliyotlari.
– “Texnologik chegara” — domen auktsionlari, AI, blockchain va NFT texnologiyalari asosida yangi imkoniyatlar va yechimlar.
Konferensiya O‘zbekistonning global raqamli hamkorlikka ochiqligini namoyon etdi. IPv6’ni ishga tushirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash va ilg‘or texnologiyalarni ilgari surish .UZ domen zonasining yetukligini va global internet rivojiga qo‘shayotgan hissasini yana bir bor tasdiqladi.