Toshkent shahridagi Inha universitetida biznes va logistika bo‘yicha xalqaro anjuman tashkil etildi
2025-05-28 12:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda O‘zbekiston va Koreya Respublikasining yetakchi mutaxassislari, davlat idoralari vakillari, tadbirkorlar va ilm-fan jamoasi a’zolari ishtirok etdi.
Anjumanning asosiy maqsadi O‘zbekistonning transport va logistika infratuzilmasini rivojlantirish strategiyalarini muhokama qilish, koreyalik hamkorlar bilan ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlash uchun innovatsion yechimlarni izlashdan iborat edi.
Konferensiyaning ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Koreyadagi Inha universiteti prezidenti Myoung Vu Cho, Toshkentdagi Inha universiteti rektori Bobur Abdullayev hamda Transport vazirligi vakillari ishtirok etdi.
Birinchi sessiya davomida yetakchi mutaxassislar mamlakatimizning transport va logistika tizimini rivojlantirishdagi joriy muammolar va istiqbollarni muhokama qildilar. Ma’ruzachilar orasida Transport vazirligi, "Temiryulkargo" kompaniyasi, Koreya savdoni rivojlantirish tashkiloti (KOTRA) va Osiyo taraqqiyot banki vakillari so‘zga chiqdilar.
Ikkinchi sessiya logistika sohasidagi investitsiya muhiti va iqtisodiy imkoniyatlarga bag‘ishlandi. Bunda raqamlashtirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etishga, xususan, dronlar va zamonaviy mobil platformalardan foydalanishga alohida e’tibor qaratildi. Konferensiyaning uchinchi qismida O‘zbekiston va Koreya tadbirkorlari hamkorlik istiqbollarini, logistikani raqamlashtirish masalalarini, shuningdek, integratsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash uchun ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi tashabbuslarni muhokama qildilar.
Konferensiya doirasida o‘tkazilgan ilmiy tanlov barqaror rivojlanish va ekologik xavfsizlikka qaratilgan tadqiqotlarni, jumladan, karbonat angidrid chiqindilari tahlili va O‘zbekistondagi iqlim o‘zgarishining ta’sirini qamrab oldi. Ilmiy dasturni yakunlagan tantanali marosimda tanlov g‘oliblari taqdirlandi.
Konferensiya yakunida tadbir raisi, professor Kin Chjun Li mintaqaning muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun logistika sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va innovatsion yechimlarni joriy etish muhimligini alohida ta’kidladi.
IUT 2025 xalqaro konferensiyasi tajriba almashish, istiqbolli strategiyalarni muhokama qilish va O‘zbekistonni 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Markaziy Osiyoning asosiy logistika markaziga aylantirish maqsadida yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun muhim maydon vazifasini o‘tadi.