“Technovation Girls Uzbekistan 2025” tanlovining joriy yildagi mavsumi o'z yakuniga yetdi
2025-06-02 14:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Toshkent shahridagi Hyatt Regency mehmonxonasida O‘zbekistondagi eng yirik STEM-dastur — “Technovation Girls Uzbekistan 2025” tanlovining yakuniy tadbiri bo‘lib o‘tdi. Mazkur dastur “Tech4Impact” NNT tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi, Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi hamda “Yandex Uzbekistan” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ushbu nufuzli tadbirda Raqamli texnologiyalar va sun'iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori A.Kadirov so'zga chiqib, IT sohasida xotin-qizlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida to'xtalib o'tdi. Xususan, sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va o'rganishda qizlarimiz ham faol ishtirok etayotganini alohida ta'kidladi.
Mobil ilovalar, sun’iy intellektdan foydalanilgan texnologiyalar, ko‘zi ojizlar, eshitishda muammosi borlar uchun yordamchi platformalar, ekologiya, xavfsizlik, ta’lim va gender tengligi kabi dolzarb yo‘nalishlardagi yechimlar – bularning barchasi yosh texnoliderlar tomonidan ishlab chiqildi.
Tadbir davomida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan tashrif buyurgan “Technovation” koordinatorlari va mentorlar bilan ham hamkorlik aloqalari mustahkamlandi. Shuningdek, tanlov yakunida 15 ta jamoa hamkor tashkilotlar tomonidan maxsus nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan 3 ta loyiha tanlab olinib, jamoaning har bir a'zosiga Coursera platformasining 400 AQSh dollari qiymatidagi pulli kurslarda o'qish imkonini beruvchi litsenziyaga ega sertifikatlar taqdim etildi. Ular qatoridan:
- NovaCore (Bullify) – Sun'iy intellekt, sog‘liqni saqlash va gender tengligi yo‘nalishidagi loyiha – Toshkent shahri.
- CodiQueens (GrantFinder) – Ta’lim va madaniyat yo‘nalishi – Namangan viloyati.
- AlphaGals (Job Hub) – Ishsizlik va qashshoqlikni bartaraf etish yo‘nalishi – Xorazm viloyati jamoalari o'rin olgan.
“Technovation Girls” — texnologiya orqali ijtimoiy o'zgarishlar tomon dadil harakatlanish imkoniyati!