Cyber University AQSHning Stanford va University of Washington bilan hamkorlik memorandumi imzoladi
2025-06-02 15:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Yangi tashkil etilgan Cyber University davlat universiteti yana ikki tarixiy yutuqqa erishdi. AQShning dunyodagi eng nufuzli oliygohlaridan biri bo‘lgan Stanford universitetining muhandislik fakulteti global va onlayn ta’lim markazi hamda University of Washington bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Bu O‘zbekiston ta’lim tizimi uchun tarixiy burilish bo‘lib, Cyber University Stanford bilan rasmiy hamkorlik o‘rnatgan ilk universitetga aylandi. Shu bilan birga, University of Washington bilan ham xalqaro darajadagi hamkorlik memorandumi tuzildi.
Mazkur memorandumlar Cyber University’ning xalqaro akademik hamkorliklarini mustahkamlab, universitetning global ta’lim makonidagi mavqeini oshirishga xizmat qiladi. Memorandumlar doirasida zamonaviy IT-ta’lim, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va raqamli iqtisodiyot yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalar, ilmiy tadqiqotlar, o‘quv dasturlari va akademik almashinuvlar yo‘lga qo‘yiladi.
Cyber University raqamli zamonda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda xalqaro hamkorliklar doirasida muhim qadamlar tashlamoqda. Bu esa universitetning rivojlanishi va O‘zbekiston ta’lim tizimining taraqqiyoti uchun katta imkoniyatlar ochadi.