O‘zbekiston va Fransiya taraqqiyot agentligi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlamoqda
2025-03-11 09:15:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda, shuningdek, FTA, Proparco va Expertise France vakillari, yetakchi ekspertlar va tadbirkorlar qatnashdi.
Suhbat chog‘ida birgalikda erishilgan yutuqlar va iqtisodiy rivojlanishning yangi imkoniyatlari muhokama qilinib, islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama hamkorlik natijalari sarhisob qilindi. FTA O‘zbekistonda aholi turmush darajasini oshirish, ekologik va ijtimoiy muammolarni hal etish va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynashda davom etmoqda.
Mutaxassislar so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo va sarmoyaviy aloqalar mustahkamlanganini ta’kidladi. 2024-yilda Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi 6,4 milliard dollarni tashkil etib, 5,2 foizga o‘sdi. Mamlakatimiz Yevropa Ittifoqining 6200 dan ortiq turdagi O‘zbekiston mahsulotini Yevropa bozoriga chiqarish imkonini beruvchi GSP+ dasturi doirasidagi o‘z maqomidan samarali foydalangani muvaffaqiyat omillaridan biri bo‘ldi. Natijada o‘zbek tovarlari Yevropa Ittifoqi bozoriga kirib, eksportni diversifikatsiya qilish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xorijdagi ishtirokini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda O‘zbekistonda umumiy qiymati 30 milliard yevrodan ortiq sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirayotgan mingdan ortiq Yevropa kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Fransiya tajribasi sanoat strategiyalarini ishlab chiqish, mintaqaviy rivojlanish dasturlarni va xususiy sektorni mustahkamlashga qaratilgan islohotlarni qo'llab-quvvatlash orqali iqtisodiy o'sishning qo'shimcha drayveri bo'lishi mumkin.
Shu bilan birga, tomonlar hududlararo munosabatlarni chuqurlashtirish, qo‘shimcha moliyaviy resurslarni jalb qilish, o‘ta muhim xomashyo sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning bir qancha muhim yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Ushbu sohalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistonda foydali qazilmalarni qazib olish sohasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan qonun hujjatlari qabul qilindi. Bu xalqaro standartlarga mos keladi va mamlakatning tog‘-kon sanoatiga sarmoya jalb etish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratadi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar O‘zbekiston bilan Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasidagi hamkorlik yanada chuqurlashishiga, shuningdek, investitsiyalar, innovatsiyalar va barqaror iqtisodiy o‘sishning yetakchi markaziga aylanishga intilayotgan O‘zbekistonda Yevropa kompaniyalari uchun yangi imkoniyatlar ochilishiga ishonch bildirdi.